2–3 oktyabr kunlari Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining O‘zbekistondagi filiali Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator tadbirlar o‘tkazdi.
Ekologik tadbirlarda Nukus shahri va Nukus tumanidagi maktablarning 160 dan ortiq o‘quvchilari, shuningdek vazirliklar, ekologik tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Bolalar uchun suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha beshta ijtimoiy rolik asosida eko-darslar tashkil qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi, maishiy hayot, virtual suv va resurslarga ehtiyotkor munosabat mavzulari yoritildi.
Tashrif davomida loyiha Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi tizimiga suv haqidagi videoroliklar, qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan bolalar kitobi, axborot bukletlari va himoya vositalarini topshirdi.
Nukusda Ekoharakat va Ekologik partiya faollari bilan alohida uchrashuv o‘tkazilib, suvni tejash, xabardorlikni oshirish va hamkorlikni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Manba: ekomaktab.uz.