Bugun: 20-may kuni Nukus shahar bog‘ida “Bizni birlashtiradigan sayg‘oq” nomli yoshlar ekologik festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu bayram “SAYG‘OQ KUNI”ga bag‘ishlangan tadbirlar turkumini yakunladi hamda Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlandi.
Bu yil “SAYG‘OQ KUNI” bayramining yubileyi nishonlanmoqda. Bundan 20 yil avval ushbu sana Ustyurt hududidagi maktablarda Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari-entuziastlari guruhi, “Ekomaktab” NNT hamda “Sayg‘oqni saqlash alyansi” xalqaro tashkiloti tashabbusi bilan nishonlana boshlagan edi. O‘shandan buyon “SAYG‘OQ KUNI” nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki sayg‘oqlar yashaydigan qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Qalmog‘iston va Mongoliyada ham mashhur bayramga aylandi.
“SAYG‘OQ KUNI” dasturi doirasida maktablarda ochiq ekologik darslar, ekologik aksiyalar, “Sayg‘oq kubogi” uchun sport musobaqalari — marafonlar, velopoygalar, futbol, voleybol va basketbol o‘yinlari, shuningdek qiziqarli ekologik kvestlar tashkil etiladi. Har bir qishloq va shaharning sport tadbirlarida o‘z ustuvor yo‘nalishlari mavjud.
Ko‘p yillardan buyon Mo‘ynoq va Nukus shaharlari, shuningdek Jasliq, Qoraqalpog‘iston va Qirq-qiz posyolkalaridagi maktablar eng faol ishtirokchilar bo‘lib kelmoqda. Bu hududlarda “Sayg‘oq do‘stlari” bolalar va yoshlar ekologik klublari faoliyat yuritadi. O‘qituvchilar esa ekologik yetakchilar sifatida bolalar, yoshlar va mahalla aholisini ekologik aksiyalar, mahallalarni obodonlashtirish, mahalliy flora va faunani asrash ishlariga ruhlantirib, yosh avlodga amaliy faoliyat orqali ekologik madaniyatni singdirib kelmoqda.
“Bizni birlashtiradigan sayg‘oq” yoshlar ekologik festivalini o‘tkazish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston muhofaza etiladigan tabiiy hududlari xodimlari, “Sayg‘oqni saqlash alyansi”, “Ekomaktab” NNT volontyorlari hamda O‘zR FA Zoologiya instituti ekspertlari ko‘magida amalga oshirildi. Bunday tadbirlar orqali ona tabiatga muhabbat, flora va fauna vakillariga ehtiyotkor munosabat shakllantiriladi.
Ta’kidlash joizki, “SAYG‘OQ KUNI” va unga bag‘ishlangan barcha tadbirlar Migratsiya qiluvchi turlar konvensiyasi hamda sayg‘oqni saqlash bo‘yicha Memorandum majburiyatlarini bajarish doirasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 171-son qaroriga muvofiq ravishda o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlar sayg‘oq yashash hududlariga yaqin joylashgan aholi punktlari aholisi, bolalar va yoshlar o‘rtasida ekologik-ma’rifiy hamda tabiatni muhofaza qilish faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Sayg‘oq esa O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi Qizil ro‘yxatiga kiritilgan global xavf ostidagi tur hisoblanadi.