Sayyohlar bora olmaydigan joylar.

Sayyohlar bora olmaydigan joylar.

Vazirlar Mahkamasining 10 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirishning ayrim masalalari to‘g‘risida” qarori bilan sayyohlar tashrif buyurishi taqiqlangan obyektlar va hududlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Ushbu qaror bilan, alohida tartib (maxsus rejim) o‘rnatilgan obyekt va joylarga kirish (o‘tish), vaqtincha bo‘lish hamda ular bo‘ylab harakatlanish uchun sayyohlarga Ichki ishlar vazirligining hududiy bo‘linmalaridan ruxsatnoma olish zarurligi belgilandi. Maxsus hududlar qatoriga chegara zonasida joylashgan madaniy meros obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ham kiradi.

“O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi saytida izohlanishicha, yangi tartib turizm subyektlariga tegishli obyektlarga sayohat uyushtirishda belgilangan talablarni bajargan holda “joyiga borganida mahalliy ma’muriyat tashrif uchun boshqa yoki qo‘shimcha talablarni qo‘ymasligiga ishonch hosil qilish” imkonini beradi.

Maxsus hududda vaqtincha bo‘lish muddati 5 sutka bilan cheklanadi. Bunda tur tashkilotlari yoki sayyohlar ruxsatnoma berish haqidagi arizani (guruh arizasi bo‘lishi mumkin) kamida 30 ish kunidan oldin topshirishlari kerak.

Sayyohlar tashrif buyurishi taqiqlangan obyektlar va hududlar ro‘yxati

  • “Imom ota” umumqo‘shin poligoni va unga tutash hudud, Andijon viloyati, Xonobod shahri;
  • Kampirravot suv ombori va unga tutash hudud, Andijon viloyati, Xonobod shahri;
  • “Shorsu” umumqo‘shin artilleriya poligoni va unga tutash hudud, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani;
  • “Qaynarsay” dam olish zonasi va unga tutash hudud, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani;
  • “Suffa” platosidagi radioastronomik majmua (RT-70) va unga tutash hudud, Jizzax viloyati, Zomin tumani;
  • Hisor qo‘riqxonasi hududi va unga tutash hudud, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani;
  • Tupolang suv omboridan yuqoridagi Hisor tizmasi tarmoqlari va unga tutash hudud, Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani;
  • Chorvoq GES va Chorvoq suv ombori to‘g‘oni, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani;
  • Yangi Angren IES (TES) Nurabod posyolkasida, Toshkent viloyati;
  • Sirdaryo IES (TES) va unga tutash hudud, Sirdaryo viloyati, Shirin shahri;
  • 2-son gidrometallurgiya zavodi va unga tutash hudud, Navoiy viloyati, Bessapan posyolkasi;
  • 3-son gidrometallurgiya zavodi va unga tutash hudud, Navoiy viloyati, Kokpatas posyolkasi;
  • 4-son gidrometallurgiya zavodi va unga tutash hudud, Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani;
  • Qashqadaryo hududida: Kalasoy darasidagi Temur g‘ori, Toshqo‘rg‘on posyolkasi, Kalasoy darasidagi dinozavr izlari, Kalasoy darasidagi sharshara, Sutushar sharsharasi, Javuz, Gilon, Ko‘l posyolkalari, “Xoja-Karshavar” platosi, Janka ko‘li, Severtsov muzligi, “Hazrat Sulton” ziyoratgohi;
  • Jizzax viloyati hududida: Shuralashsoy hududi, Zomin sanatoriyasidan “Suffa” platosi va Qizilmazor darasi orqali Muzbuloq posyolkasigacha bo‘lgan yo‘l;
  • Shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan Mudofaa vazirligi, DXX (SNB), IIVning boshqa muhim va toifalangan obyektlari hamda harbiy qismlari.